Toshkentda velosiped ijara shoxobchalarini ochish taklif qilindi. Hokimlik “begona” tadbirkorga non yediradimi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov yana velosipedda poytaxt ko‘chalarini aylandi. Uning galdagi manzili – Yunusobod tumani. Bu safar unga Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Oybek Qosimov, Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov, shahar Turizm departamenti direktori Sanjar Tojiyev hamrohlik qilgan. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan QALAMPIR.UZ’ga berilgan xabarda aytilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshig‘iga ko‘ra, nafaqat markaziy ko‘chalar, balki chekka tumanlarda ham “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etilmoqda. 

“Darhaqiqat, bugunga kelib poytaxtimizda mahalliy aholining piyoda yo velosipedda harakatlanishi uchun qator loyihalar amalga oshirilgan, endi bularning targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishimiz va odamlarimizni ommaviy sportga jalb etishimiz kerak. Yunusobod tumanidagi velo- va piyoda yo‘laklarini to‘liq o‘rganish doirasida yo‘laklarda qanday  kamchiliklar borligini aniqlab, mavjud noqulayliklarni bartaraf etishga doir tegishli chora-tadbirlarni tasdiqlab olamiz. Asosiysi, bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli ravishda amalga oshirishda davom etish”, deydi Aziz Abduhakimov. 

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, veloyo‘laklarni ko‘zdan kechirib chiqqan ishchi guruh vakillari har bir ko‘chaning qulay joylarida ko‘proq velosiped ijara shoxobchalarini tashkil qilishga kelishgan. 

Ushbu yo‘nalishdagi biznesga qiziqqan tadbirkorlar esa Toshkent shahar hokimligi, Sport va jismoniy tarbiya vazirligi hamda Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamentiga murojat qilishlari mumkin. Agar bu yo‘nalish ham hokimlik va uning atrofidagi “tadbirkor”lardan ortsa...


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahar hokimligi velosiped yo'laklari

Baholaganlar

105

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing