Toshkentda “Tez yordam” xodimlari do‘pposlandi
3-sahifa
−
17 Oktabr 2022
13116Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Mirobod tumanida Tez tibbiy yordam xodimlari kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, kecha, 16 oktyabr kuni soat 18:50 atrofida Toshkent shahrining Mirobod tumani, Temiryo‘lchilar ko‘chasi, 1/5-uy oldiga 30 yoshli noma’lum erkak kishida “Qon ketish (xushsiz)” sababi bilan yo‘lovchi fuqaro tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiruv kelib tushgan.
Shundan so‘ng shifokor M.Z. va feldsher Z.J.dan tarkib topgan 397-sonli “103” brigadasi chaqiruv manziliga sanoqli daqiqalar ichida yetib borgan.
“Tez yordam” xodimlari manzilga kelganida, ko‘chada bemorligi aytilgan 22 yoshli fuqaro M.A. noadekvat holatda yon-atrofdagi kishilarga tajovuz qilayotgani ma’lum bo‘lgan. “103” ko‘chma brigadasi unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lganda, mushtumzo‘r fuqaro shifokorlarga kuch ishlatib, “Tez yordam” avtomashinasiga ham jiddiy zarar yetkazgan.
Voqea jiddiy tus olayotganini ko‘rgan tez tibbiy yordam xodimlari darhol tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari yetib kelguniga qadar fuqaro M.A. “103” brigadasi haydovchisi I.H.ni kaltaklab, unga jarohat yetkazgan.
Oqibatda jiddiy tan jarohati olgan tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga boshqa brigada tomonidan olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida u “Bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi” tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.
Shuningdek, ko‘chma brigada shifokori M.Z. shifoxonada ambulator tartibda mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilib, unga “Qorin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi” tashxisi qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan. Shuningdek, vazirlik ushbu vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Mirobod tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi