Toshkentda “Tez yordam” xodimi kaltaklandi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi xonadonlardan birida o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan Tez tibbiy yordam xodimlari kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan tezkor o‘rganishlar olib borib, ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, kecha, 12 oktyabr kuni soat 16:27 da Yakkasaroy tumanining Bobur ko‘chasida joylashgan xonadonlarning biridan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiriq kelib tushgan. Shundan so‘ng shifokor B.M. va feldsher ayol J.I.dan iborat “103” brigadasi chaqiriq manziliga yetib borib, bemor B.J.ga tibbiy yordam ko‘rsatgan. 

Biroq ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lganligi sababli B.J.ni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishga qaror qilingan. Bemorni transportirovka qilish chog‘ida uning o‘g‘li asosli sabab bo‘lmasa-da, tibbiy brigada xodimlari bilan tortishib, qo‘l ko‘tarish darajasigacha borgan. 

“Oqibatda feldsher J.I. ko‘krak qafasidan zarba olgan va ahvoli yomonlashgan. Shunga qaramay, tibbiy brigada o‘z xizmat burchiga mas’uliyat bilan yondashib, chaqiriqni yakunlagan, ya’ni bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining qabul bo‘limiga olib borgan”, deyiladi SSV xabarida.

Shundan so‘ng “103” feldsheri J.I. mazkur shifoxonaning xirurgiya  bo‘limi shok zaliga “Ko‘krak qafasining yopiq jarohati” tashxisi bilan yotqizilgan. 

Hozir feldsher J.I. mazkur bo‘limning intensiv palatasida tegishli davo muolajalarini olmoqda. Ahvoli o‘rta og‘irlikda.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan. Umuman, vazirlik fuqarolarimiz tomonidan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzkor harakatlar sodir etilishiga nisbatan doimo murosasiz munosabatda bo‘ladi. Shuningdek, vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. 

Ayni paytda sodir etilgan holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovoldi surushtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura Matbuot kotibining yozishicha, fuqaro va “Tez yordam” xodimlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan janjal yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Janjal davomida feldsher ayolning ko‘krak qafasiga shikast yetkazilgan.

Surishtiruv natijalari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi. Surishtiruv harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

SSV Tez yordam

Baholaganlar

278

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing