Toshkentda sun’iy yomg‘ir yog‘diriladi
Jamiyat
−
17:34 2648 1 daqiqa
Toshkent shahrida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 25 mart kuni qabul qilingan “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatida namlik past bo‘lgan hududlarda maxsus uskunalar o‘rnatilib, sun’iy yomg‘ir chaqirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha 2027 yil 1 oktyabrga qadar amalga oshirilishi belgilangan.
Mazkur texnologiyani joriy etish orqali havodagi chang va zararli moddalarni kamaytirish, atmosfera sifatini qisqa muddatda yaxshilash maqsad qilingan. Shu bilan birga, qurg‘oqchilik sharoitida namlikni oshirishga ham erishish rejalashtirilmoqda.
Hujjatga asosan, ushbu tashabbusni amalga oshirish Ekologiya qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi va Oliy ta’lim vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Ularga xorijiy tajribani o‘rganib, samarali yechimlarni joriy qilish vazifasi qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy yomg‘ir texnologiyasi 2026 yil davlat dasturiga ham kiritilgan edi. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab pilot loyihani ishlab chiqish va kamida 3–5 ta amaliy sinov o‘tkazish rejalashtirilgan. Pilot sinovlar natijasida yog‘ingarchilik hajmini tabiiy holatga nisbatan 10-20 foizga oshirish kutilmoqda.
Live
Barchasi