Toshkentda pulli “parkovka”lar uchun qayta savdo o‘tkazildi
Jamiyat
−
19 dekabr
2078Toshkent ko‘chalarida pulli avtoturargoh tashkil qilish uchun joriy yilning 17 dekabr kuni takroriy auksion o‘tkazildi. Bu haqdagi auksion natijalari “E-auksion” elektron savdo platformasiga joylashtirilgan.
Savdo jarayoni 20 daqiqadan ko‘proq davom etib, ikki stavkadan so‘ng yakunlangan. Natijada Streetpark Systems kompaniyasi g‘olib bo‘lgan. Kompaniya lot uchun 62,93 milliard so‘m – boshlang‘ich narxdan 10 foizga yuqori narx taklif etgan.
Ma’lumot uchun, Streetpark Systems 2024 yilning 13 noyabrida ro‘yxatga olingan. Kompaniya ta’sischilaridan biri – Qudratbek Dilshodovich Yoqubov bo‘lib (Leader Great Trade, Aziz Export 777, Prime Avto Consulting MCHJlariga ham egalik qiladi), u 75 foiz ulushga ega. Qolgan 12,5 foizi Vengriyaning iCell Mobilsoft Zrt va Kasy Park kompaniyalariga tegishli.
Bir lot doirasida Toshkent shahridagi ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Ijara muddati esa 3 yil. Ijarachi dastlabki 2 yilda avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar, harakatni tashkil etish vositalari va kommunikatsiya tarmoqlarini o‘rnatish uchun kamida 5 mln dollar sarmoya kiritishi zarur bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi yo‘l bo‘ylarida avtoturargoh tashkil qilish uchun 86 nuqtaning ijaraga berilishi bo‘yicha onlayn auksion o‘tkazildi va ushbu huquq 120 milliard so‘mga sotilgandi.
LiveBarchasi