Toshkentda pora bilan qo‘lga tushgan tergovchi qochib ketdi
3-sahifa
−
09 Oktabr
19784Toshkent shahri Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisi pora olayotganda qo‘lga tushdi va noma’lum tomonga yashirindi. Shundan so‘ng unga nisbatan jinoyat ishi ochildi va qidiruv e’lon qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda fuqaro I.X.ning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazgan. Muallif arizasida Toshkent shahar Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisi Sh.Sh. tomonidan “B.H.” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini uning foydasiga ijobiy hal qilish uchun pul mablag‘lari talab qilganligini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Ushbu ariza asosida joriy yilning 7 oktyabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Sh.Sh. ariza muallifidan kelishilgan 40 ming AQSH dollarini olib, jinoiy ta’qibdan qutulish maqsadida noma’lum tomonga yashiringan (40 ming AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan).
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Sh.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi "a" bandi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchiga nisbatan sirtdan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
“Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 100 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomov 3 yil muddatga prokuratura organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 15 yil muddatga qamalgandi.
LiveBarchasi