Aka-uka Teytlar hibsga olindi (video)
Olam
−
19 iyul 8684 2 daqiqa
Kecha, 18 iyul kuni aka-uka inflyuyenserlar Endryu va Tristan Teyt AQSHda zo‘rlash va odam savdosi ayblovlari bilan hibsga olindi. Bu haqda Buyuk Britaniya Qirollik prokuraturasi xabar berdi.
Qirollik prokuraturasining press-relizida yozilishicha, Endryu Teytga nisbatan 32 ta yangi band bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Ular orasida yettita band bo‘yicha zo‘rlash, uchtadan band bo‘yicha jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosini tashkil etish yoki unga ko‘maklashish hamda badanga shikast yetkazish, shuningdek, bolaning uyatsiz tasvirlari va ekstremal pornografiya bilan bog‘liq bo‘lgan 19 ta qo‘shimcha ayblovlar mavjud.
Tristan Teytga esa bitta band bo‘yicha jinsiy zo‘ravonlik, ikkita band bo‘yicha zo‘rlash va uchta band bo‘yicha jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosini tashkil etish yoki unga ko‘maklashish ayblovlari qo‘yilgan.
Prokuraturaning aniqlik kiritishicha, ushbu jinoyatlarning barchasi 2010 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda sodir etilgan. Bundan avval aka-uka Teytlarga nisbatan jinoiy ish doirasida 21 ta band bo‘yicha ayblov e’lon qilingan edi.
“The New York Post” nashrining xabar berishicha, AQSH Marshallar xizmati aka-uka Teytlarni Mayamidagi Jeyms L. Nayt nomidagi sport majmuasi yaqinida qo‘lga olgan. Endryu Teyt u yerda qo‘lqopsiz jang bo‘yicha turnir o‘tkazishi kerak edi.
Endryu Teyt kikboksing bo‘yicha to‘rt karra jahon chempioni sifatida tanilgan. Sportdagi faoliyatini yakunlagach, u vebkam-studiyalar tarmog‘iga asos solgan. Tristan Teyt esa kikboksing bo‘yicha ikki karra Yevropa chempioni hisoblanadi. Ular keng ommaga “ayollarga nafrat ko‘zi bilan qarovchi blogerlar” sifatida mashhur bo‘lgan. 2024 yilda ularga nisbatan Ruminiyada ham jinoiy ayblovlar ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jinsiy zo‘ravaonlikda ayblanayotgan Endryu Teyt O‘zbekistonga kelgani va tantanali kutib olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi