Toshkentda pora olgan 2 nafar “elektroset” xodimi qo‘lga tushdi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrida elektromobilga quvvatlash uskunasi uchun ruxsatnoma olib berish va uni o‘rnatish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilgan tuman elektr tarmoqlari korxonalari xodimlari qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu shaxslar Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati jinoyat qidiruv boshqarmasi korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarodan so‘ralgan puldan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

“3 ta farzandim bor. Bunga qadar sudlamaganman. Oldimga bir yigit keldi. Elektromobil transformator punkti o‘rnatishga yordam berishni so‘rab keldi. Yordam berish maqsadida yo‘lini tushuntirdim. 10 ming AQSH dollari olib kelib berdi. Shu paytda ushlandim. Pushaymonman bu qilgan ishimdan. Prezidentimdan, xalqimdan kechirim so‘rayman”, deydi xodimlardan biri.

Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatni sodir etgan ikkita gumonlanayotgan ushbu shaxslarning biri tuman elektr ta’minot bo‘limida bosh muhandis lavozimida xizmat qilgan bo‘lsa, ikkinchisi shu tashkilotda elektr ustasi bo‘lib ishlagan.

“Hamkasblarimga hamisha halol mehnat qilib, kasb-hunar bilan, o‘zlarini mehnati bilan pul topishlarini maslahat beraman”, deydi yana bir gumonlanuvchi.

Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilinishi uchun prokuratura organlariga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida olib borilgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor profilaktik tadbirida jinoyat ishini tugatish uchun tergovchiga pora bergan shaxs ushlangandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211- moddasi (pora berish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent pora elektromobil elektroset

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing