Toshkentda ota 2 mlrd so‘mga yaqin aliment to‘ladi
Jamiyat
−
30 Sentabr
5038Toshkent shahrining Uchtepa tumanida erkak uch nafar farzandi voyaga yetguniga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan 2 milliard so‘mga yaqin alimentni to‘lab berdi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sudning ijro varaqasiga asosan qarzdor Sh.A.dan undiruvchi Sh.G foydasiga voyaga yetmagan 3 nafar farzandining ta’minoti uchun ular 18 yoshga to‘lguniga qadar aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati byuroning Uchtepa tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Qarzdor farzandlarining ta’minoti uchun ular voyaga yetguniga qadar bo‘lgan aliment miqdorini oldindan to‘lab berish istagini bildirgan.
Shundan so‘ng, taraflar tomonidan kelishuv tuzilib, bitim sud tomonidan tasdiqlangan. Unga ko‘ra, qarzdor Sh.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan jami 1 milliard 825 million 137 ming so‘mga baholangan 2 ta noturar joy ob’ektini aliment hisobidan o‘tkazib bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida ota aliment uchun 16 yillik alimentni oldindan to‘lab bergandi. 2024 yildan 2040 yilgacha bo‘lgan davr uchun aliment miqdori hisoblanganda, jami 818 million 895 ming 193 so‘m miqdorida aliment miqdori vujudga kelgan. Qarzdor undiruvchi foydasiga jami 818 million 895 ming 193 so‘m evaziga 1 ta uy, Spark avtotransport vositasi va 2 ming AQSH dollari miqdorida aliment pullarini to‘lab bergan.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida ayol 3 nafar farzandi ta’minoti uchun sobiq eriga 1,7 milliard so‘m aliment to‘lagandi.
LiveBarchasi