Toshkentda narkotik tarqatgan “zakladchik”lar ushlandi
3-sahifa
−
13 noyabr
3702Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida “zakladchik”lar ushlanib, sintetik giyohvandlik vositasining aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyatda o‘tkazilayotgan “Xavfsiz hudud – dolzarb 50 kun” maxsus profilaktik tadbiri doirasida viloyat IIBB va Bekobod shahar IIB xodimlari tomonidan O‘rta Chirchiq tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida 22-25 yoshdagi 3 nafar shaxs 3 gramm sintetik giyohvandlik vositasini nazoratdagi xaridorga 1,7 mln so‘mga sotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan. Ular orasidagi shaxs X.G‘. ning yonidan 6 gramm “marixuana” aniqlangan, sherigi Sh.L. ga tegishli mashinadan esa giyohvandlik moddasi iste’moli uchun maxsus yasalgan “baklajka” topilgan.
Olib borilgan surishtiruvlar natijasida ushbu shaxslar internet orqali giyohvandlik vositalarini sotuvchi shaxslar bilan aloqada bo‘lib, “zakladchik” sifatida faoliyat yuritgani va ularga yuborilgan maxsus lokatsiyalar orqali sintetik giyohvandlik vositalarini olib, tarqatgani aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida ushlangan shaxs Sh.L. ga yuborilgan so‘nggi lokatsiya asosida Qibray tumanida “Chinobod” mahallasi hududidan og‘irligi 20 gramm bo‘lgan sintetik giyohvandlik vositasi yashirilgan joydan ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida o‘tkazilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish oyligi doirasida giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatuvchi 32 nafar shaxs qo‘lga olingan edi.