Toshkentda Markaziy Osiyo maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi o‘tkazildi
Jamiyat
−
24 aprel
4319Bugun, 24 aprel kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekistondan Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Qamchibek Tashiyev, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Yermek Sagimbayev, Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Saymo‘min Yatimov hamda Turkmaniston maxsus xizmatlari rahbari qatnashdi.
Qayd etilishicha, ushbu tadbir O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvidagi raisligi doirasida tashkil etildi. Tadbir ochilishida ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaati o‘qib eshittirildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari muloqoti mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar va ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi aytildi.
Uchrashuv davomida asosiy e’tibor mintaqa mamlakatlari xavfsizligiga zamonaviy tahdidlar va xatarlarga baho berishning yagona yondashuvlarini ishlab chiqish, shuningdek ularni bartaraf etishda maxsus xizmatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish masalalariga qaratildi.
Tomonlar mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm, noqonuniy narkotik va qurol-yarog‘ aylanmasiga qarshi kurashish, transmilliy jinoyatchilik, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash sohalaridagi dolzarb masalalarni hamda o‘zaro manfaatli boshqa hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
“Ushbu tadbir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida maxsus xizmatlar rahbarlarining muntazam uchrashuvlariga asos soldi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 24 may kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining 54-majlisi bo‘lib o‘tgandi.
LiveBarchasi