Toshkentda maktabdan qaytayotgan qizga shilqimlik qilgan yigit 10 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Joriy yilning aprel oyida Toshkentda 26 yoshli yigit 17 yoshli qizga tegajog‘lik qilgandi. Unga nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi ma’lum qildi.

Bugun, 8 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida fuqaro O.O. (1997 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, ishsiz, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingan.

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining raisi S.Sodiqov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq O.O. Jinoyat kodeksining 25,118-moddasi (nomusga tegishga suiqasd qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

“Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 19 aprel kuni Mirobod tumani Inoqobod ko‘chasida noma’lum shaxs 17 yoshli qizning orqasidan kelib, tegajog‘lik qilgandi. So‘ngra hodisa joyidan qochib yashiringan. Keyinchalik qizning otasi uning stressdaligini ma’lum qilgan.

Qayd etish joiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 aprel kuni imzolagan qonunga ko‘ra, jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish harakatlari uchun 1,5 mln so‘mgacha jarima yoki 5 sutkagacha qamoq jazosi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shilqimlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing