Toshkentda maktab o‘quvchisi YTH qurboni bo‘ldi
3-sahifa
−
29 Oktabr 2020
6822Toshkentda yuz bergan yo‘l-transport hodisasida voyaga yetmagan maktab o‘quvchisi qurbon bo‘ldi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida xabar berildi. Bola piyodalar yo‘lagini kesib o‘tayotgan vaqtda uni katta tezlikda kelayotgan “Jiguli” avtomobili urib yuborgan.
Yo‘l-transport hodisasi poytaxtning Yakkasaroy tumani, Glinka ko‘chasidagi 118-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yonginasida sodir bo‘lgan. Ushbu voqea ko‘chaga o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga qayd etilgan.
Piyodalar yo‘lini kesib o‘tishga uringan bolakayni YTHga guvoh bo‘lganlar zudlik bilan shifoxonaga olib borishgan, biroq ko‘rsatilgan muolajalar foyda bermay, bolakay vafot etgan.
Yo‘l patrul xizmati xodimlarining ma’lum qilishicha, ushbu hududda maktab joylashgani bois, avtomobillar qatnov qismiga alohida yo‘l belgisi o‘rnatilgan bo‘lib, unga ko‘ra bu hududda ertalab soat 07:30 dan 18:00 qadar soatiga 50 km tezlikkacha harakatlanish mumkin. Aholi ushbu yo‘lni xavfsiz kesib o‘tishi uchun, piyodalar yo‘lakchasi oq va sariq rangda bo‘yalgan.
Bu yerda o‘quvchilarning yo‘ldan kesib o‘tishi uchun turli yo‘l harakati belgilari qo‘yilgan bo‘lib har qanday haydovchini ogohlikka chaqiradi. Holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Dinara Yusupova