Toshkentda ko‘p qavatli uylarga investitsiyalarning daromadliligi tushib ketdi
Jamiyat
−
15 fevral 5874 2 daqiqa
2025 yilning yanvar oyida Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi 2024 yilning fevral oyidagi o‘rtacha 32,4 foizdan 7,6 foizgacha sekinlashdi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.
Mazkur davrda ko‘p qavatli uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi joylashgan hududi va xonalari soniga ko‘ra bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi:
- 1 xonali: Mirobod tumanida -1,7 foiz (2024 yil fevral – 53 foiz), Bektemir tumanida 54,3 foiz (46,8 foiz);
- 2 xonali: Uchtepa tumanida 2,6 foiz (27 foiz), Yakkasaroy tumanida 15,1 foiz (24,2 foiz);
- 3 xonali: Bektemir tumanida -5,5 foiz (33,7 foiz), Yakkasaroy tumanida 10,4 foiz (22,8 foiz);
- 4 xonali: Bektemir tumanida -7,3 foiz (37,9 foiz), Chilonzor tumanida 16,5 foiz (19,8 foiz).
2024 yil fevral oyida uy-joy va ijara narxlarining nisbatan ko‘tarilishi (tushishi) hisobiga olinishi mumkin bo‘lgan foyda Yakkasaroy, Bektemir va Chilonzor tumanlarida mos ravishda o‘rtacha 16,1 foizni, 26,9 foizni va 15,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil yanvar oyida ushbu ko‘rsatkichlar 3 foiz, 2,8 foiz va 0,3 foizgacha pasaydi.
Shuningdek, Toshkent shahrida uy-joylar narxining o‘sishdan deyarli to‘xtashi va biroz arzonlashishi natijasida yanvar oyida uy-joylar narxi o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromad Shayxontohur (35,8 foizdan -0,8 foizga) va Yunusobod (30,4 foizdan -3,4 foizga) tumanlarida sezilarli darajada pasaygani kuzatildi.
Joriy yilning yanvar oyida uy-joylar ijarasidan olinadigan yillik o‘rtacha daromad Mirobod tumanida 10 foizni (2024 yil fevral oyida – 10,4 foiz), Mirzo Ulug‘bek tumanida 9,9 foizni (10,6 foiz), Shayxontohur tumanida 9,8 foizni (11,6 foiz) tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich ijara narxlari nisbatan arzonroq bo‘lgan tumanlar – Olmazorda 8,9 foizni (9,4 foiz), Uchtepada 8,9 foizni (8,6 foiz) va Sergelida 8,9 foizni (8,4 foiz) tashkil qildi.
Daromadlilik darajasi bo‘yicha investitsion jozibadorligi yuqori hisoblangan 1 va 2 xonali xonadonlardan daromad olish imkoniyatlari ham tushib bormoqda. 2024 yilning fevral oyida 1 va 2 xonali xonadonlarga yo‘naltirilgan investitsiyalarning daromadliligi mos ravishda 35,6 foizni va 30,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil yanvar oyida ushbu ko‘rsatkich 14,3 foiz va 7,5 foizgacha tushdi. Mazkur davrda 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik ko‘rsatkichi sezilarli darajada pasaydi (mos ravishda 5,5 foiz (2024 yil fevralida 33 foiz) va 2,9 foiz (30,3 foiz).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinishi haqida xabar berilgandi. Bunda developerlar o‘zlari qurayotgan uylar sotuvini tashkil qilish bo‘yicha banklar bilan shartnoma tuzadi, bu uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bankka topshiradi. Banklar esa yig‘ilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Shunda banklar quruvchi va xaridor o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, uy-joyni o‘z vaqtida va sifatli qurib, egasiga topshirishga kafil bo‘ladi.
Live
Barchasi