SSV koronavirusdan vafot etgan IIV xodimlari haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
15 iyul 2020
18447Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar Ichki ishlar vazirligi xodimi koronavirusdan vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan va keyinroq bu IIV tomonidan tasdiqlangan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusdan vafot etgan Ichki ishlar vazirligining ikki xodimi haqida kechikib bo‘lsa ham ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Olmazor tumanida yashovchi 36 yoshli Sh.A. tana harorati ko‘tarilishi, umumiy holsizlik sababli Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tibbiyot bo‘limi poliklinikasiga murojaat qilgan.
Shundan so‘ng “COVID-19” infeksiyasiga namuna topshirgan va 13 iyul kuni kasallik tasdiqlangan.
Bemor Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tibbiyot bo‘limi poliklinikasi tomonidan tibbiy kuzatuvda bo‘lgan.
So‘nggi kunlarda bemorning tana harorati tushmagan. U o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.
Yana bir IIV xodimi, Toshkent tumanilik 48 yoshli Sh.N. joriy yil 24 iyunda xizmat safari bilan Surxondaryo viloyatida bo‘lib, tana harorati ko‘tarilganligi va holsizlik sabab viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tibbiyot bo‘limiga murojaat qilgan.
Unda “SOVID- 19” infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat shifoxonasiga yotqizilgan. Bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgan.
Unga “SOVID-19” infeksiyasi va ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, yurak ishemik kasalligi, surunkali bronxit tashxisi qo‘yilgan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiyalar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shu yilning 14 iyul kuni uning ahvoli keskin og‘irlashgan. Reanimatsiya bo‘limi shifokorlarining muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.
Shu tariqa O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 71 nafarga yetdi.
LiveBarchasi