Toshkentda koronavirus tarqalishi nega tezlashyapti? SSV izoh berdi
Jamiyat
−
14 mart 2021
45779Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahrida ikki kundirki koronavirusga chalinganlar soni 70 nafardan kam bo‘lmayapti. 10 mart kuni ham Toshkentning o‘zida 71 kishida virus aniqlangan.
So‘nggi kunlarda koronavirus tarqalishi yana “jonlanib” borayotganining asosiy sabablarini bilish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot kotibi Furqat Sanayev bilan bog‘landik.
Unga ko‘ra, ikki kunlik keskin o‘sish vahimaga sabab bo‘ladigan holat emas. Ammo bu odamlar karantin qoidalariga rioya qilmay qo‘yganidan dalolat beradi.
“Koronavirus mamlakatimizdan butunlay ketgani yo‘q. Manbasi saqlanib qolyapti. Ikki kunlik ko‘rsatkichdan fojia yasamaslik kerak. Shu bilan bir qatorda, biz so‘nggi vaqtlarda “mana, biz koronavirusdan qutuldik”, deb bamaylixotirlikka berildik.
Shuning uchun, SSV bir yil avval aytganidek, niqob taqib, masofani saqlab yurishimiz kerak. Asosiy sabab shu – o‘zimizning bamaylixotirligimiz”, deydi Sanayev.
Vazirlik vakiliga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus cho‘qqiga chiqqan vaqtda COVID-19 bemorlarini davolash uchun 159 ta davolash muassasi bo‘lgan. Hozir ulardan 7 tasi qoldirilgan. Qolganlari o‘zining asosiy faoliyatiga qaytgan va ma’lum bir qismi ehtiyot chorasi sifatida konservatsiya qilib qo‘yilgan.