Toshkentda xavfli virus tarqalyaptimi? (video)

Salomatlik

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida xavfli virus tarqalayotgani, ba’zida kasallik pnevmoniya bilan murakkablashayotgani va virus ko‘pincha bolalarga ta’sir qilib, ularda pnevmoniyaga olib kelayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilfuza Rasulova munosabat bildirdi.

“Bu xabarlar asossiz, chunki kunlik va haftalik respirator virusli infeksiyalar, gripp A kasalligini kundalik tahlillari olib boriladi. Shu bilan birga, bemorlardan virusologik tahlillar uchun laboratoriya sinovlarini o‘tkazamiz. Oxirgi olinayotgan laboratoriya tahlillari natijasida grippning A turi, ya’ni o‘sha mavsumiy grippning A turini aniqlamoqdamiz. Shu bilan birga, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar turiga kiruvchi respirator sensitsial viruslar hamda rinoviruslar ham ushbu bemorlarimizda aniqlanmoqda. Demak, hozirgi kundagi bemorlarning shikoyatlarida mushak og‘rig‘i, tana haroratining yuqori darajada ko‘tarilishi, ba’zi holatlarda yo‘tal va ko‘zdagi og‘riq, burun oqishi, tumov belgilari aynan grippning A turini klinik belgilariga to‘g‘ri keladi. Bizdagi hozirgi holat mana shu grippning A turi bilan bog‘liq bo‘layotgan vaziyat haqiqatda Toshkent shahar aholisi orasida so‘nggi haftalarda birmuncha yuqori ko‘rsatkichlar bilan ro‘yxatga olinmoqda”, deydi Rasulova.

Uning aytishicha, Toshkent shahrida joylashgan barcha davolash-profilaktika muassasalarida qo‘shimcha bemor o‘rinlari tashkil etilgan. Kuzatilayotgan bemorlar bilan epidemiologik analiz yig‘ilganda barcha bemorlarda ushbu kasallik o‘zining keskin boshlanishi, tana haroratining yuqori darajada ko‘tarilishi bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Bugungi kunda davolash-profilaktika muassasalarida o‘tkir respirator virusli infeksiyalar va gripp kasalligini davolash uchun virusga qarshi dorilar hamda simptomatik davolash uchun dorilar zaxirasi yaratilgan va davolash ishlari olib borilmoqda.

“Fursatdan foydalanib, gripp A kasalligining aholi o‘rtasida keng tarqalishini inobatga olgan holda, biz fuqarolarimizdan ushbu kasallikni oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshirishingizni so‘rab qolamiz. Birinchi profilaktik tadbirlardan biri bu bemor inson ro‘yxatga olinganda, ya’ni kasallikning klinik belgilari kuzatilganda, ishga, o‘qishga, bog‘chaga bormasdan, uyingizda qolishingizdir. Hududiy oilaviy shifokoringizga uyga chaqiruv qilishingizni so‘rab qolamiz. Albatta, shifokor tavsiyalari asosida yotoq rejimiga rioya qilgan holda davolash chora-tadbirlarini amalga oshirish kerak bo‘ladi”, deydi Dilfuza Rasulova.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent virus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing