Toshkentda ona 4 yoshli qizini ayovsiz kaltakladi
3-sahifa
−
27 dekabr
6683Toshkent viloyati Chirchiq tumanida ona 4 yoshli qizini ayovsiz kaltaklagani va og‘ir tan jarohati yetkazgani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Ichki ishlar organlari tomonidan aniqlanishicha, joriy yilning 23 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasiga 2020 yilda tug‘ilgan qiz Y.M. tanasidagi turli jarohatlar bilan qabul qilingan.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida 47 yoshli ayol 4 yoshli qizini qattiq kaltaklab, tan jarohati yetkazgani aniqlangan. Tibbiyot xulosasiga ko‘ra, bolada bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi og‘ir darajasi va bosh sohasidagi boshqa og‘ir jarohatlar qayd etilgan.
Bugun, 27 dekabr kuni holat yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahar IIB tomonidan E.Y ga nisbatan Jinoyat kodeksining 126 prim 1-moddasi 7-qismi “b” bandi (oilaviy zo‘ravonlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bildirilishicha, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida bolasiga jismoniy zo‘ravonlik qilib, tan jarohati yetkazgan onaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Mazkur holat Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, Termiz shahar IIB tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida (sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasi asosida) ayol voyaga yetmagan farzandini urib, tan jarohati yetkazgani aniqlangan.
Joriy yilning 19 dekabr kuni ayolga Jinoyat kodeksining 126-moddasi 1-bandi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi