Toshkentda issiq suv harorati vaqtincha pasaytiriladi
Jamiyat
−
15 yanvar 2023
6444Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarda issiq suv harorati vaqtincha pasaytiriladi. Bu haqda poytaxt hokimligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida havo haroratining keskin pasayshi oqibatida issiqlik stansiyalariga uzatilayotgan tabiiy gaz bosimi pasayib ketmoqda. Shu sababli xonadonlarga yetkazib berilayotgan issiq suv ta’minotida ham, isitish tizimida ham harorat sezilarli darajada tushib ketgan.
Hokimlikka ko‘ra, buning oqibatida o‘z xonadonlarini isitish maqsadida fuqarolar qo‘shimcha elektr moslamalardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa o‘z navbatida transformator stansiyalari va uzatish simlarida normadan ortiqcha yuklamani vujudga keltiryapti. Oxirgi kunlarda transformatorlar va simlarda portlash, yonib ketish kabi avariyalar soni kunlik o‘n barobaridan oshib ketdi.
“Shunga ko‘ra, elektr tizimiga yuklamani pasaytirish, hamda markazlashgan issiqlik tizimi (otopleniye)da haroratni ko‘tarish maqsadida, eng kamida, uch kun davomida ko‘p qavatli uylarning issiq suv ta’minotida haroratni vaqtincha pasaytirishga majburmiz. Bunda suvni isitishga sarflanayotgan tabiiy gaz issiqlik tizimi (otopleniye)ga yo‘naltiriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxt Toshkent va boshqa hududlarda gaz ta’minoti keskin pasayishi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi