Toshkentda isitish mavsumining kechikish sababi aytildi
Jamiyat
−
08 noyabr 2023
9092Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimining isitish mavsumini boshlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan sana mavsumning amaldagi boshlanish sanasidan farq qilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarqaldi. Shahar hokimligi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Aniqlik kiritilishicha, hokimning tegishli qarori bilan joriy yilning 3 noyabr kuni soat 00:00 dan boshlab poytaxtda issiqlik manbalaridan issiqlik tizimining aylanma harakati yo‘lga qo‘yilgan. Biroq aylanma harakat boshlanganidan so‘ng, bir qator muammolar yuzaga kelgan va ularni bartaraf etish qo‘shimcha vaqt talab qilmoqda.
6 noyabr kuni issiqlik ta’minoti tarmog‘idagi muammolar bartaraf etilgach, tizimni ishga tushirish jadvaliga muvofiq boshlangan, ammo ta’mirlash ishlarini inobatga olgan holda jarayon 7 noyabrga surilgan.
“O‘z navbatida, bizning sa’y-harakatlarimizni to‘g‘ri baholashingizni va tegishli shahar xizmatlari faoliyatidan ortiqcha ma’no izlamasligingizni so‘raymiz. Bizning barcha harakatlarimiz faqat yaxshilikka va poytaxt aholisi uchun qulay yashash sharoitini yaratishga qaratilgan”, deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq isitish mavsumi Gidrometeorologiya xizmati agentligidan isitish mavsumini ma’lum sanadan boshlash tavsiyasi olinganidan keyin Toshkent shahar hokimining qarori bilan boshlanishi aytilgandi.