Toshkentda isitish mavsumi qachon yakunlanadi?
Jamiyat
−
17 mart
5801Oxirgi besh kun davomida Toshkent shahridagi o‘rtacha sutkalik harorat 8 darajadan pastlamayotgani sababli tez orada Toshkentda isitish mavsumi yakunlanadi. Bu haqda “Veolia Energy Tashkent” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bahor kelishi bilan Toshkentga iliq ob-havo va quyoshli kunlar ham qaytgan. O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 8 martdan 14 martgacha bo‘lgan davrda Toshkentda o‘rtacha sutkalik harorat 11,6 °C (minimal – 9 °C 8 martda, maksimal – 13,1 °C 14 martda) daraja bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi “Ko‘p qavatli uylarda issiqlik ta’minoti xizmati ko‘rsatish tartiblari to‘g‘risida”gi 194-son qaroriga ko‘ra, o‘rtacha sutkalik havo harorati ketma-ket besh kun davomida 8 °C darajada saqlanib tursa, isitish mavsumi yakunlanadi. Ushbu qarorga asoslanib, Toshkent shahar hokimligi tez orada 2024-2025 yillar uchun isitish mavsumini yopish haqida qaror qabul qiladi.
Isitish mavsumi yakunlangach, keyingi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish ishlarining muhim bosqichi boshlanadi.
Bildirilishicha, “Veolia Energy Tashkent” MCHJ XK kompaniyasi yilning sovuq mavsumida issiqlik ta’minoti yanada barqaror va sifatli bo‘lishi uchun issiqlik tarmoqlari, mahalliy qozonxonalar va nasos stansiyalarida joriy hamda kapital ta’mirlash ishlarini olib boradi. Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruvchi kompaniyalar va UJMSHlar mavjud binolarda muhandislik kommunikatsiyalarni keyingi isitish mavsumiga hozirlashni boshlashlari, jumladan, uylardagi isitish tizimlarini yuvish, joriy va kapital ta’mirlash ishlarini bajarishlari kerak.
“Kvartirlar egalari esa xonadondagi batareyalar yaxshi holatda bo‘lishiga e’tibor qaratishlari kerak, chunki keyingi isitish mavsumidagi qulaylik shunga bog‘liq bo‘ladi. Biz xonandingiz yilning sovuq davrida issiq va shinam bo‘lishi uchun isitish radiatorlarini yuvdirishni tavsiya qilamiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida 2024 yilning 5 noyabr soat 00:00 dan boshlab issiqlik manbalaridan issiqlik muhitining aylanma harakati yo‘lga qo‘yilgandi. 7 noyabrdan boshlab issiqlik energiyasi bilan bosqichma-bosqich ta’minlash ishlari boshlangan.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart
Trenddagilar

