Toshkentda IIO xodimlari fuqaroning oyog‘ini sindirdimi? (video)
3-sahifa
−
19 aprel 10609 3 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Sergeli tumanida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fuqaroga tan jarohati yetkazilgani aytilgan video tarqaldi. Holat yuzasidan poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumot berdi.
IIBB tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, holat joriy yilning 8 fevral kuni sodir bo‘lgan. O‘sha kuni soat 16:00 da Sergeli tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan tumanning No‘g‘oyqo‘rg‘on mahallasi hududida qora rangli Gentra avtomashinasi shubha uyg‘otgani sababli xolislar ishtirokida tekshirish uchun to‘xtatilgan. Avtomashinada bo‘lgan muqaddam sudlangan F, J, N, O ismli shaxslar ichki ishlar xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan va turli tomonga qochishga uringan.
Qo‘lga olinganidan so‘ng 1998 yilda tug‘ilgan J ismli shaxsning qo‘lida bo‘lgan sariq rangli polietilen paketning ichidan yashirish yo‘li bilan tarqatishga tayyorlab qo‘yilgan katta miqdordagi turli xil dorilar topilgan. O‘tkazilgan sud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, olingan daliliy ashyolar kuchli ta’sir qiluvchi dorilar ekani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 2511-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqda saqlash tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
IIBB fuqaroga xodimlar tomonidan jarohat yetkazilgani iddao qilingan videoda ko‘tarilgan vajlarga to‘xtalib, tarmoq faoli fuqaroni himoya qilayotgan vaqtida masalaga birtomonlama yondoshgani, mas’ullardan holat yuzasidan izoh olmagani, xolislik qilmagani, ushbu shaxsning qanday jinoyat uchun ichki ishlar organlariga olib kelinganiga umuman to‘xtalmaganini ta’kidlab, yolg‘on xabarlarni tarqatganini aytgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, J ismli shaxsga “o‘ng oyoq panjasi, beshinchi panja suyagi asosidan yopiq sinib, qoniqarli turishi” tashxisi qo‘yilgan. IIBB u bu jarohatni ichki ishlar organlari xodimlaridan qochish vaqtida o‘z ehtiyotsizligi oqibatida olganini aytib, uning oyog‘i xodimlar tomonidan sindirilmaganini qayd etgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ish nazoratga olinganini bildirdi. Holat yuzasidan Bosh prokuraturaga Ombudsman talabnomasi kiritilgan.
Ombudsman ushbu holatni qonun talablari doirasida ko‘rib chiqilishi, voqeaning barcha jihatlarini ochiq va adolatli surishtiruvini ta’minlashni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 19 aprel kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Lacetti haydovchisi narkotik modda ta’sirida yo‘l-transport hodisasi sodir qilgandi. Avtomobil to‘xtatish ishorasiga bo‘ysunmagan va 2 ta Damas avtomobiliga texnik shikast yetkazgan holda hodisa joyidan qochishga harakat qilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida transport vositasi to‘xtatilib, uning ichida bo‘lgan haydovchi va yo‘lovchilar tekshirilganda, avtomobil ichida noma’lum moddalar, shuningdek, narkotik modda iste’moli uchun ishlatilgan buyumlar borligi aniqlangan. Haydovchi ham narkotik modda ta’sirida bo‘lgan.
Live
Barchasi