Toshkentda IIO xodimi va kadastr bosh mutaxassisi pora bilan qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
27 dekabr 2023
8716Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida Kadastr agentligining bosh mutaxassisi va ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta inspektori pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining bosh mutaxassisi Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik masalasini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 6 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Yana bir holatda esa Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta inspektori fuqarodan noqonuniy tarzda 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari tomonidan ushlangan.
U Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 3-qismi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumni Navoiy shahridagi 11-sonli jazoni ijro etish muassasasidan Chirchiq shahrida joylashgan 14-sonli jazoni ijro etish muassasasiga ko‘chirilishida yordam berishini va’da qilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida o‘zgalarning “og‘irini yengil qilib berish” evaziga pora olgan shaxslar qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi