Toshkentda gaz quyish shoxobchalari vaqtincha yopiladi
Jamiyat
−
05 dekabr 2022
14329Toshkent shahrida gaz bosimining kamayib ketishi oqibatida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ob-havo harorati keskin pasaygani sababli, Toshkent shahrining ayrim hududlarida gaz va issiqlik ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Kommunal xizmatlar mavjud gaz zaxirasini barcha iste’molchilar orasida teng taqsimlashga urinishga qaramay, resurslar yetishmayapti.
Iloji boricha ko‘proq xonadonlarni gaz va issiqlik bilan ta’minlash maqsadida, jamoat transport vositalariga xizmat ko‘rsatadigan shoxobchalardan tashqari, qolgan barcha avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopilmoqda.
Shahar ma’muriyati muammolarni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Kommunal soha xodimlari esa ishlarini yuqori shaylik rejimida davom ettirmoqda.
Avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekistonda kuz-qish mavsumida ob-havoning sovushi sababli ayrim hududlardagi metan gaz quyish shoxobchalariga cheklovlar kiritilishini ma’lum qilgandi. Biroq bu holat avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari tomonidan metan gazi narxlarining oshirilishiga sabab bo‘la olmaydi.
LiveBarchasi