Toshkentda epidemiologik vaziyatni o‘nglash uchun qo‘shimcha choralar belgilandi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, bugun, 15 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Yig‘ilishda Respublika maxsus komissiyasiga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus tarqalishiga qarshi kurash va aholini davolash ishlariga aloqador barcha vazirlik va idoralar, yirik tibbiyot muassasalari rahbarlaridan iborat 24 soat ishlaydigan shtablar tashkil qilish topshirildi.

Ushbu shtablar vaziyatni real vaqt rejimida nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish choralarini ko‘radi.

Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyatidagi poliklinikalar huzuridagi mobil guruhlar sonini uch barobar ko‘paytirish vazifasi yuklatildi.

Zangiota tumanida yaqinda ish boshlagan shifoxonadagi joy sonini yana 1000 o‘ringa ko‘paytirish topshirig‘i berildi.

Poytaxtda dori-darmon yetkazilishi va narxi barqarorligini ta’minlash, shoshilinch tibbiy yordam xizmati va koll-sentrlar ishini samarali tashkil etish, COVID-19 bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, kasallar uchun qo‘shimcha o‘rinlar tashkil etish, shuningdek, karantin hududlaridagi shaxslarni uy karantiniga bosqichma-bosqich o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi, zarur choralar belgilandi.

Aholidan murojaatlar soni keskin ortib borayotganini hisobga olib, koll-sentrlar aloqa vositalari va operatorlari sonini kamida ikki barobarga oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Toshkent shahar hokimligiga kamida 3 oylik dori-darmon va himoya vositalari zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Hozirgi sinovli vaziyatda kundalik ehtiyoj mollari va zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli bo‘lishi, narxlari asossiz oshib ketmasligi juda muhim. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga bu masalani qat’iy nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

550

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing