Toshkentda burqa kiyib olgan erkak aniqlandi
3-sahifa
−
20 iyun
26672Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Chorsu bozorida ayollar kiyimini kiyib olgan erkak ushlanganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Unda aytilishicha, burqa kiyib olgan shaxs yuzini to‘sgancha poytaxt bo‘ylab harakatlanayotganda IIO xodimlari tomonidan tekshirilgan. Shu vaqt uning ayol emas, balki ayollar libosini kiyib olgan erkak kishi va Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida yashovchi P.B ismli shaxs ekani aniqlangan.
QALAMPIR.UZ Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bilan bog‘langanda, tez orada bu haqda rasmiy munosabat berilishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, yuzni to‘sib turuvchi kiyimlarni kiyganlik uchun jarima belgilandi.
Qonun bilan jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib yurgan shaxsga nisbatan BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 4 mln 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Shuningdek, ushbu holatda tibbiy ruxsatnoma mavjudligi, xodimning ishi ushbu vaziyatni taqozo etishi kabi ba’zi istisnolar ham mavjud.