Toshkentda “buxanka” qimmatlashdi

Jamiyat

image

Bugun, 1 iyundan Toshkentdagi oziq-ovqat do‘konlarida qolipli non (“buxanka”) narxi oshdi va 2800 so‘mdan sotila boshladi. Bungacha "buxanka" 1600 so‘mdan aholiga yetkazib berilayotgandi.

Bundan oldin Moliya vazirligi departameti mudiri bug‘doyni birjada sotish boshlanishi qolipli non narxiga ta’sir qilish va u 2800 so‘mgacha qimmatlashi mumkinligini aytgandi.

“Prognozlarimiz bo‘yicha, hozir bug‘doyning ichki bozordagi sotib olish narxi 3 mln atrofida bo‘lishini kutyapmiz. Agar, 3 mln atrofida bo‘lsa, qolipli non narxi  Toshkent shahridan boshqa joylardagi narxlar darajasidan oshib ketmaydi. Masalan, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xorazmda bir qolipli nonning narxi 2 800 so‘mgacha sotilmoqda. Agar, bug‘doyning narxi 3 mln atrofida bo‘lsa, qolipli nonning narxi 2800 so‘mdan, ya’ni bozordagi narxdan oshib ketmaydi demoqchiman”, degan Moliya vazirligi departament mudiri To‘lqin Mirzayev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 may kuni o‘tkazilgan don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda fermer va klasterlar o‘zi yetishtirgan g‘allani 1 iyuldan boshlab birjada sotishni boshlashi haqida ko‘rsatma bergandi.

Moliya vazirligi vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bug‘doyning birjada sotilishi narxlarning barqarorlashishiga va kelgusida pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Ukrainadagi vaziyat tufayli birdan ikki eng asosiy bug‘doy yetkazib beruvchi xalqaro bozordan uzilib qoldi. Ukrainaning bug‘doy eksporti portlarning qo‘ldan ketishi ortidan to‘xtagan bo‘lsa, Rossiya ichki bozordagi ta’minotni bahona qilib, g‘alla sotishni taqiqladi. Bu ham yetmaganidek, jahon g‘alla bozorining uchinchi asosiy o‘yinchisi Hindiston ham bug‘doy eksportini chekladi.

Qayd etish kerakki, Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 866-sonli Qarori bilan 2019 yil 15 oktyabrdan “O‘zdonmahsulot” AJ tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste’molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotilishi belgilandi. Shundan so‘ng, non narxi 650-700 so‘mdan 1400 so‘mga ko‘tarilgandi. Keyinroq narx yana biroz oshib, 1600 so‘mga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

bug'doy non

Baholaganlar

315

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing