Olimlar 5000 yillik mumiyodan olingan achitqida non yopdi

Bu qiziq

image

Olimlar 5000 yillik mumiyolangan jasaddan olingan achitqi yordamida tabiiy xamirturushli non tayyorladi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, 1991 yilda Alp tog‘laridan topilgan mashhur Muz odami Esi mumiyosi olimlarni hayratda qoldirishda davom etmoqda. Tadqiqotchilar bundan besh ming yil avval yashagan insonning to‘qimalarida haligacha tirik mikroorganizmlar, jumladan, sovuqqa chidamli noodatiy achitqilar saqlanib qolganini aniqlagan.

Eurac Research mutaxassislari Esining terisi, ichki to‘qimalari va oshqozonidagi qoldiqlardan olingan namunalarni o‘rganib chiqqan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mumiyoda qadimgi ichak bakteriyalaridan tortib, juda past haroratda ham yashay oladigan achitqilargacha bo‘lgan butun bir mikroorganizmlar jamoasi saqlanib qolgan.

Olimlarda ayniqsa achitqilar katta qiziqish uyg‘otgan. Ular ushbu mikroorganizmlarni laboratoriya sharoitida o‘stirib, asta-sekin unli muhitga moslashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Bir necha oylik tajribalardan so‘ng, mikroorganizmlar xuddi oddiy non achitqisi kabi ishlay boshlagan.

Yakunda tadqiqotchilar xamir qorib, taxminan 5300 yillik tarixga ega bo‘lgan mumiyodan olingan achitqi yordamida haqiqiy non yopgan. Tadqiqot rahbari Muhammad Sarhanning so‘zlariga ko‘ra, xamir taxminan bir sutkada ko‘pchib chiqqan va pishirish uchun butkul yaroqli bo‘lgan.

Tajribalar shu bilan tugab qolmaydi. Olimlar hozirda ushbu qadimiy achitqilardan pivo va boshqa achitilgan mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peruda yuqori ijtimoiy mavqega ega ayolning qadimiy qabri topilgandi. Topilmaning yoshi taxminan 5 ming yil.


Maqola muallifi

Teglar

non mumiyo achitqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing