Toshkentda ayolni bolta bilan o‘ldirgan erkak 23 yilga qamaldi
3-sahifa
−
20 iyun
6659Toshkentda ayolni bolta bilan shafqatsizlarcha urib o‘ldirgan erkak 23 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa Yashnobod tumanidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. Gap shundaki, 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan erkak “Qo‘yliq” bozoriga pul topish maqsadida borgan. U o‘sha yerda 1984 yilda tug‘ilgan ayol bilan tanishgan.
Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u ayol bilan birga Yashnobod tumanida joylashgan ayolga tegishli bo‘lgan xonadonga borgan. Birozdan so‘ng ularning o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Erkak ayolni avval bolta bilan urgan, so‘ng kiyim bilan ayolni bo‘g‘ib o‘ldirgan.
“Yuzimni tirnab shantaj qilganiga qo‘rqib ketdim. O‘ldirib qo‘ydim”, deydi sudlanuvchi.
Ma’lum qilinishicha, qotillikdan so‘ng erkak marhumning telefoni va pulini olib, jinoyat joyidan qochib ketgan.
“Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) va 164-moddasi (bosqinchilik)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, sudlanuvchiga 23 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Payariq tumanida erkak turmush o‘rtog‘ining uyiga borib, 62 yoshli qaynotasi va 60 yashar qaynonasini pichoqlab o‘ldirgandi.