Toshkentda avtobuslar uchun “zapravka”lar 11 tagacha qisqartirildi (video)

Jamiyat

image

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtobuslarning gaz yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatda turib qolayotgani haqida postlar va videoroliklar tarqalmoqda. Ushbu holat poytaxtda gaz quyish shoxobchalarining 33 tadan 11 tagacha qisqartirilishi ortidan yuzaga keldi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, bugungi kungacha Toshkent shahrida kuniga 1 000 dan ortiq katta va o‘ta katta sig‘imli avtobuslar siqilgan tabiiy gaz (metan) yoqilg‘isida harakatlanadi. Mazkur avtobuslarni siqilgan tabiiy gaz bilan ta’minlash 33 ta AGTKSHlardan amalga oshirib kelingan.

Havo haroratining pasaygani sababli Toshkent shahridagi aholi, ijtimoiy muassasalar va strategik muhim ob’ektlarga tabiiy gazni teng ravishda yetkazib berishni ta’minlash maqsadida, avtobuslarni siqilgan tabiiy gaz bilan ta’minlaydigan AGTKSHlar soni 11 tagacha qisqartirilgan.

Shundan kelib chiqib, “Hududgaz poytaxt” filiali va Toshkent shahar hokimligi bilan kelishuvga ko‘ra, poytaxtda faoliyat yuritayotgan AGTKSHlar ro‘yxati tasdiqlangan. “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq, AGTKSHlarga avtobuslarni yetkazish jadvali ishlab chiqilgan.

Avtobuslarning AGTKSHlargacha bo‘lgan masofasining oshishi, qishda gaz iste’molining ko‘payishi hamda magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi tufayli, avtobuslarga yoqilg‘i quyish vaqti sezilarli darajada oshgan va AGTKSHlardagi navbatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

“Mazkur vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish, yo‘nalishlardagi avtobuslar harakati va oraliq intervalni saqlab qolish, shuningdek, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlarining uzluksizligini ta’minlash maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati va mutasaddi bo‘linmalar tomonidan tungi navbatchilik tashkil etilgan bo‘lib, vaziyat doimiy nazoratda ekanligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi metan “zapravka”lar faoliyati cheklanishi boshlangani ma’lum qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AGTKSh zapravka avtobuslar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing