Toshkentda “Artel”ga qarashli korxonada yong‘in chiqdi
Jamiyat
−
27 noyabr 2020
13154Bugun, 27 noyabr kuni soat chamasi 12:00 da Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan “Texnokontinental” MCHJ korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonida ishlatiladigan siqilgan gazning sizib chiqishi natijasida yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Natijada voqea joyida ishlayotgan korxona xodimlaridan bir guruhi termik jarohat olgan. Voqea joyiga yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yetib borguniga qadar korxona xodimlarning sa’y-harakatlari bilan yong‘in bartaraf etilgan.
Jarohat olgan xodimlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga joylashtirilgan. Ular shifokorlar nazoratiga olinib, bemorlarga tez va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Ayni paytda hodisa ro‘y bergan joyda vaziyatni o‘rganish va bartaraf etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari boshchiligida tuzilgan respublika ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda.
Korporativ axborot yagona portali keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, "Techno Continental" MCHJ korxonasining manzilida "Artel" brendi ostida texnikalar ishlab chiqaruvchi zavod joylashgan. Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlarida esa, mazkur MCHJ ta’sischilari sifatida Artel Electronics (62,5 foiz) va Ilk Sabah Insaat Anonim Sirketi (37,5 foiz) ko‘rsatib o‘tilgan.