Toshkentda aliment to‘lashdan qochgan ota devor ortidan topildi

3-sahifa

image

Toshkent shahar Yunusobod tumanida uch nafar farzandini moddiy ta’minlashdan qochib yurgan ota oxir-oqibat qidiruv orqali devor ortidan topildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2023 yil 5 maydagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor N.H. dan undiruvchi Sh.H. foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun 1/2 qism miqdorida  aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati byuroning Yashnobod tuman bo‘limiga 2023 yil 8 iyulda kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan.

Qarzdor ota 2024 yil aprel oyidan beri qidiruvda bo‘lib, farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab, qochib yurgan. Tezkor qidiruv natijasida qarzdor erkak uyining tashqi devori ortidan topilib, unga nisbatan to‘plangan hujjatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 471-moddasiga asosan jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudiga yuborilgan. 

Sud qaroriga asosan qarzdorga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandan so‘ng, qarzdor erkakning qarindoshlari tomonidan 54 mln 562 ming so‘m aliment qarzi to‘lab berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada aliment to‘lashdan qochib, parda ortiga yashiringan ota qamalgandi. O‘tgan yili Qashqadaryoda aliment to‘lamasdan qochib yurgan erkak uyidagi ko‘rpalar tagidan, Namanganda va Surxondaryoda uy yerto‘lasidan, Xorazmda tovuq fermasidan, Farg‘ona shahrida tungi klubdan, Andijonda xolasining va Buxoroda buvisining uyidan topilgandi. Shuningdek, ilgariroq Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota ukasining nikoh to‘yida ushlangandi. Andijon viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota o‘z uyining qurilishi tugallanmagan hududida shifer ortidan topilgan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent aliment

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing