Toshkentda 9-qavatda yolg‘iz qolgan 4 yashar bolani qutqarish uchun Qutqaruv xizmati kelmadi (video)

Jamiyat

image

Toshkent shahri Yashnobod tumanida yosh bola 9-qavatdagi xonadonlardan birida yolg‘iz qolib ketgani, voqea haqida xabar berilgan Favqulodda vaziyatlar xodimlari yetib bormagani haqida videoxabar tarqaldi. Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi

Ma’lum qilinishicha, Yashnobod tumanida ko‘p qavatli uyning to‘qqizinchi qavatida yosh bolaning derazadan yordam so‘rab baqirgani ovozi eshitilgan. Bundan xabar topgan o‘sha uydagi boshqa xonadonlardan qo‘shnilar chiqib, bolani olib chiqishga uringan. Ammo u yolg‘iz va qamalib qolgani uchun buning imkoni bo‘lmagan.

Voqea haqida zudlik bilan 1050 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, manzil haqida ma’lumot berilgan. Ammo ular profilaktika inspektorini ham chaqirish kerakligini, chunki ularsiz eshikni buzib ocholmasliklarini aytgan. Ularga aholi tez yetib kelishlari kerakligi, inspektor ham chaqirilishini bildirgan.

Qo‘shnilar tomonidan qanchalik harakat qilinmasin qulflangan eshikni ochishning iloji bo‘lmagan. Bola esa onasini chaqirish uchun deraza yoniga bormoqchiligini aytgan. Qo‘shnilardan biri (ayol kishi) bola bilan gaplashib, uni qanday bo‘lmasin chalg‘itib turishga, panjarasiz deraza yoniga bormaslikka ko‘ndirib turgan.

Oradan 1 soat o‘tsa ham Qutqaruv xizmatidan hech kim kelmagan va bu bo‘yicha hech kim xabar bermagan. Qo‘shnilarning bildirishicha, qutqaruv xizmati bolaning keyingi taqdiri bilan ham qiziqib ko‘rmagan.

Bir muddatdan so‘ng bolaning onasi topilib, telefon orqali xabar berilgan. 4 yoshli bola sog‘-salomat holda onasining bag‘riga qaytgan.

Tarmoq faollari tomonidan qutqaruv xizmatining befarqligi, ushbu holat ayanchli yakun topishi mumkin bo‘lgani haqida qattiq tanqid qilingan. Shuningdek, faollar bunga o‘xshash holatlar avval ham kuzatilganini, o‘tgan yillarda bolalarning o‘limi bilan bog‘liq hodisalar ham uchraganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Favqulodda vaziyatlar vazirligi ko‘p marotaba uyida yolg‘iz qamalib qolgan yosh bolalarning qutqarilgani bo‘yicha xabarlar e’lon qilgan edi. Oxirgi marta joriy yilning 27 may kuni Samarqand shahar “So‘g‘diyona” dahasidagi ko‘p kvartirali uyning xonadonlaridan birida 2 yoshli bolasi qolib ketgani xabar qilingan. Aytilgan manzilga yetib borgan FVB qutqaruvchilari maxsus asbob-anjomlar yordamida xonadon eshigini ochib, uy ichida qolgan qizaloqni onasiga sog‘-salomat topshirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Yashnobod Toshkent shahri Qutqaruv xizmati Favqulodda vaziyatlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing