Toshkentda 74 ta poliklinika 24 soatli ish rejimiga o‘tkazildi
Jamiyat
−
21 iyul 2020
8716Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari – Toshkent shahridagi 74 ta ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy polkilinikalar aholiga kechayu kunduz faoliyat yuritish tizimiga o‘tkazildi. Bu haqda Koronavirusga qarshi shtab a’zosi Barno Odilova ma’lum qildi.
Bunda tibbiyot xodimlari 12 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi (8:00-20:00 gacha va 20:00-8:00 gacha).
Har bir poliklinikalarda mikrouchastkalar tashkil qilindi, mikrouchastkaga mas’ullar biriktirildi va ularning asosiy vazifasi sifatida quyidagilar belgilandi:
• xonadonlarga telefon qo‘ng‘iroq qilish, holidan xabar olish;
• kasalliklarni erta aniqlash va saralash (ambulator yordam uchun, laboratoriyaga, shifoxonaga);
• aniqlangan muammolarni joyida hal qilish.
Buning uchun Toshkent shahar poliklinikalari 750 dona mobil telefon bilan ta’minlandi va har bir oilaviy poliklinikada tunu kun faoliyat yuritadigan Call-markaz sharoiti yaratildi.
Har bir poliklinikada ambulator davolanishga olingan bemorlardan xabar olish va uy-shifoxona sharoitida davolash uchun mobil brigadalar tashkil qilindi. Mobil brigadalar tomonidan bemorlar uchun dori darmon yetkazib berilmoqda.
Ambulator-poliklinika tizimida faoliyat yuritayotgan tibbiy xodimlar mehnatini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent shahar hokimligi tomonidan:
• COVID-19 kasalligi profilaktikasi, diagnostika va davolashda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlari uchun 6 foiz ustama haq to‘lash;
• tibbiyot xodimlarini zarur himoya vositalari (kombinezon, niqob, qo‘lqop, ko‘z oynak) antiseptik vositalar va pirometr, tibbiyot muassasalarini zararsizlantirish uchun dez. eritmalar bilan ta’minlash;
• tibbiyot xodimlarni jamoat transporti harakatlanmagan paytda kelib ketishi uchun avtotransport ajratish;
• aholi bilan telefon orqali muloqotni yaxshilash maqsadida har bir oilaviy poliklinikaga 3 tadan statsionar telefon va qo‘shimcha mobil telefonlar bilan ta’minlash;
• mobil brigadalar uchun qo‘shimcha transport ajratish masalalari hal qilinishi tayinlandi.
Bemorlarni aniqlash, diagnostikasi, davolash jarayonlarini tartibga solish maqsadida vazir o‘rinbosari boshchiligida “COVID-19 ambulator” shtabi va maxsus Telegram kanal tashkil qilindi. Ushbu kanalga Sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, hokimlik va mahalla vakillari (har bir tuman uchun mas’ul) birlashtirildi va axborot almashinuvi ta’minlandi;
Tibbiyot xodimlari tomonidan COVID-19 ga taalluqli bo‘lgan hisobot shakllarini maqbullashtirish, soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi;
Ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlarni nazoratini olib borish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash, ichki ishlar va mahallaning hamkorlikdagi faoliyat mexanizmi ishlab chiqildi.
LiveBarchasi