Toshkentda 50 ming dollar pora bilan ushlangan prokuratura tergovchisi 13 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahar Uchtepa tumani prokuraturasi tergovchisi 50 ming AQSH dollari pora olayotganda qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edik. Toshkent shahar sudi Matbuot xizmatining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, u 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida 1983 yilda tug‘ilgan ilgari Uchtepa tuman prokuraturasida tergovchi lavozimida ishlagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 

Uchtepa tuman prokuraturasi tergovchisi lavozimida ishlab kelgan sudlanuvchi ish yurituvidagi Toshkent shahar prokurorining joriy yilning 8 aprel kunidagi roziligi bilan departamentning Uchtepa tumani bo‘limi tomonidan MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi va 189-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 9 aprel kunidan dastlabki tergov harakatlarini olib borgan. 

Noqonuniy boylik orttirish maqsadida, MCHJning yagona ta’sischisi va rahbari hamda jamiyatning huquqshunosini bir necha marotaba Uchtepa tumani prokuraturasiga chaqirtirgan. Ularga jinoyat ishi bo‘yicha jamiyatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha aniqlangan 1 mlrd 186 mln 612 ming 773 so‘mlik qo‘shimcha qiymati solig‘i va 859 mln 868 ming 334 so‘mlik foyda solig‘ini jami 2 mlrd 046 mln 481 ming 107 so‘m miqdordagi zararlarni to‘lanmagan taqdirda, ish bo‘yicha jamiyatning rahbarini ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilishni va unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni, sodir etilgan jinoyati uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirsa-da, unda besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanganini bildirgan.

Jamiyatning rahbariga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llamaslik uchun unga pora tariqasida 50 000 dollarni berishini, aks holda Jinoyat-protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlashini va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashlik uchun tuman sudiga iltimosnoma taqdim qilishini aytib, tamagirlik yo‘li bilan jamiyatning huquqshunosi orqali 50 000 dollar miqdoridagi pullarni berishni bir necha marotaba talab qilgan.

Xususan, MCHJning yagona ta’sischisi va rahbarining arizasiga asosan, 2022 yil 29 aprel kuni soat 12:30 larda DXX Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tergovchi Uchtepa tumani Farhod ko‘chasidagi savdo majmuasi oldiga Matiz rusumli avtomobilda yo‘lovchi sifatida kelib, u yerda uni kutib turgan jamiyatning huquqshunosini ushbu avtomobilning orqa o‘rindig‘iga o‘tirg‘izgan. 

So‘ng avtomobil kinoteatr oldidagi chorrahaga yetgach, mashina saloni ichida jamiyatning huquqshunosidan polietilen paketga solingan, oldindan kimyoviy ishlov berilgan 50 000 dollarni olgandan keyin jamiyatning huquqshunosini tushirib, ushbu mashinada harakatlanishni davom ettirib, 3-bekatga yaqinlashganida tezkor xodimlar tomonidan tadbir davomida ushlangan.

Sud-daktiloskopik ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, oq-havo rangli polietilen paketda sudlanuvchining chap qo‘l katta barmog‘ining izi borligi aniqlangan. Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan sudlanuvchi unga e’lon qilingan aybga qisman iqrorlik bildirgan. 

Sudning hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va Jinoyat kodeksining 45-moddasiga asosan 3 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida va prokuratura idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

“Hukmdan norozi tomonlar 20 sutka ichida, sudlanuvchi hukm nusxasini qo‘liga olgan kundan boshlab shu muddat ichida, shu sud orqali Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya tartibida shikoyat berishi, prokuror esa protest keltirishga haqli”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

pora

Baholaganlar

242

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing