Toshkentda 427 mln so‘mni “yeb yuborgan” hokim yordamchisi aniqlandi
3-sahifa
−
03 fevral
6480Toshkent shahri Shayxontohur tumanida hokim yordamchisi 427,7 mln so‘mni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yubordi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi M.F. 20 nafar fuqarolarga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan, qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalangan holda jami 427,7 mln so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritgan. U ushbu mablag‘larni oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, jumladan ehtiyojmand oila a’zolarining hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyati yo‘lga qo‘yilishini tashkillashtirish uchun ishlatishi kerak bo‘lgan. Ammo M.F. bu pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Shuningdek, M.F. o‘zining qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqarolarga mahalla hududida yashamagan bo‘lsa-da, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 mln so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratilishiga erishib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
“Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida 33 mln so‘mlik kreditdan ikki marta olib berish evaziga 4,5 mln so‘m pora olayotganda ushlangan hokim yordamchisiga sud hukmi o‘qilgandi. Ushbu hokim yordamchisiga Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanib, 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik, xizmat mavqeidan foydalangan holda) bilan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llangan.
LiveBarchasi