Toshkentda 2 yilda “svet”ni yaxshilash uchun 2,8 trln so‘m sarflandi
Jamiyat
−
08 avgust 4061 1 daqiqa
Oxirgi ikki yilda Toshkentda elektr ta’minotini yaxshilash uchun 2 trillion 800 milliard so‘m yo‘naltirildi. Bu haqda bugun, 8 avgust kuni poytaxtda energetika tizimining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyevga axborot berildi.
Taqdimotda Energetika vaziri poytaxtdagi har bir tuman va mahallalar kesimida rejalarni tushuntirgan.
Unga ko‘ra, bu yil birinchi bosqichda 374 kilometr tarmoq, 11 ta podstansiya, 62 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutilgan. Kelasi yil yana 788 kilometr tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi. Jumladan, mahallalardagi transformator va tarmoqlar ta’mirlanib, yangilari o‘rnatiladi.
Prezident kuz-qish mavsumiga oz fursat qolganiga e’tibor qaratib, bu yilgi rejani 1 noyabrgacha yakunlash zarurligini ta’kidlagan.
Mutasaddilar atom energetikasi yo‘nalishidagi ishlar haqida ham axborot bergan.
Prezident rejadagi inshootlarni sifat va muddatga amal qilgan holda ishga tushirib, barqaror energiya quvvatlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Vazirlar Mahkamasiga energiya samaradorligini oshirish masalasini har hafta muhokama qilib borish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdukarimova Toshkentda tez-tez elektr energiyasi uzilayotgani yuzasidan izoh so‘rab, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga senatorlik so‘rovi yuborgandi.
Live
Barchasi