Toshkentda 17 yoshli o‘smirning uyidan narkotik chiqdi (video)
3-sahifa
−
12:24 2308 1 daqiqa
Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida sintetik giyohvand moddalarni saqlab kelayotgan 3 nafar yosh qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida 2003 yilda tug‘ilgan fuqaro va uning hamrohi huquq-tartibot organlari tomonidan to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida ularning yonidan 4 bo‘lakka bo‘lingan, umumiy vazni 14 gramm bo‘lgan sintetik modda aniqlangan.
Surishtiruvlar davomida ushbu shaxslar moddalarni Toshkent shahrida yashovchi tanishidan olganini bildirgan. Shundan so‘ng tezkor tadbirlar davom ettirilib, Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida ijarada yashovchi 2008 yilda tug‘ilgan shaxsning xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Natijada xonadondan ikki turdagi, umumiy vazni 120 grammdan ortiq sintetik giyohvand moddalar, qadoqlash uchun maxsus skotchlar va 2 ta elektron tarozi topilgan.
Shuningdek, ushbu shaxsning 2005 yilda tug‘ilgan sherigini Sergeli tumanidagi uyi ham ko‘zdan kechirilgan. U yerdan ham 10 grammdan ortiq sintetik giyohvand moddalar aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbir davomida musodara qilingan moddalarning umumiy vazni 148,94 grammni, qiymati esa taxminan 15 ming dollarni tashkil etgan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda shirinlik ichiga yashirilgan giyohvand moddani xorijdan olib kirmoqchi bo‘lgan 19 yoshli qiz ham qo‘lga olingan edi.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi