Toshkentda 1,3 mlrd so‘mlik tabiiy gazni o‘marganlar ushlandi
3-sahifa
−
11:47 1203 1 daqiqa
Toshkent shahrida 1,3 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura shtabi tomonidan Toshkent shahrining Yashnobod tumanida nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Unda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishga doir bir nechta holatdar aniqlangan. Xususan, “O. F.” MCHJga qarashli noturar binoning hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatilib, 956 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinganligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, ushbu tumanda joylashgan “A. F.” MCHJga tegishli savdo do‘konida ham xuddi shunday qoidabuzarlik aniqlangan. Keltirilgan zarar dastlabki hisoblarga ko‘ra, 331 million so‘mni tashkil qilgan.
Qayd etilishicha, yana bir holatda Yunusobod tumanida fuqaro V. A. ga tegishli bino o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, 84 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi ma’lum bo‘lgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan qanday protsessual ishlar olib borilayotgani haqida inspeksiya axborot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi umumiy ovqatlanish joyi va novvoyxonada 2,4 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan edi.
Live
Barchasi