Toshkentda Hajga yuborish uchun 20 ming dollar olganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
14 may
4720Toshkent shahrida odamlarni noqonuniy yo‘l bilan Haj safariga yuborish uchun 26 ming dollar talab qilib, 20 ming dollar olganlar qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turistik firmalardan birining 4 nafar xodimi 3 nafar fuqaroni ishchi vizasi orqali Haj ziyoratiga yuborish evaziga 7 ming AQSH dollaridan hamda 1 nafar fuqaroni sayyohlik vizasi orqali yuborish evaziga 5 ming AQSH dollari, jami 26 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Xizmatning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi turistik firmaning ish yurituvchisi 2 nafar fuqaroni umra safariga yuborish evaziga 2400 AQSH dollari, shuningdek, 3 nafar fuqaroni Haj ziyoratiga yuborish evaziga 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xizmatning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan shaxs joriy yilda Haj safariga yuborish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarga soxta e’lonlar joylab, 3 nafar fuqaroning ishonchiga kiradi. Ularning har biridan 4900 AQSH dollari, jami 14 ming 700 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Xizmatning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chust tumanida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari umra ziyoratini tashkil etish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmay turib, 3 nafar fuqaroni 1350 AQSH dollaridan, jami 4050 AQSH dollariga umra ziyoratiga yuborishini aytib, shundan 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahrida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan shaxs poytaxtda faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat orqali 5 nafar fuqaroni jami 27 ming AQSH dollari evaziga Haj vizasi asosida diniy amallarni bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilib, oldindan 13 ming 500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda mazkur holatlar yuzasidan barcha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati va Toshkent shahrida Haj va umra ziyoratlariga yuborish bilan odamlarni aldab, ularning mablag‘larini o‘zlashtirganlar aniqlangandi.
LiveBarchasi