Toshkentda havo ifloslanishi ortidan yo‘llarga suv sepilmoqda (video)

Jamiyat

image

So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida havoni ifloslantiruvchi PM10 va PM2.5 o‘lchamdagi mayda chang zarralari miqdori oshib ketdi. Buning ortidan changga qarshi chora sifatida poytaxt ko‘chalari va yashil hududlarga suv sepilmoqda. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, shahar muhitining yuqori changlanishi sharoitida eng tezkor samarali choralardan biri – yo‘l qoplamasi va unga yaqin hududlarni namlash hisoblanadi. Bu usul ilmiy asosga ega bo‘lib, dunyoning ko‘plab yirik shaharlarida ifloslanish avj olgan davrlarda qo‘llaniladi.

Shu sababli, Toshkent shahar hokimligi va Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan yo‘l qoplamasiga suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, bu yilgi favvoralar mavsumi tugagan bo‘lishiga qaramay, poytaxtdagi barcha favvoralar hamda mikroiqlim qurilmalari ishga tushirilmoqda.

Havo ifloslanishining asosiy manbai PM10 va PM2.5 o‘lchamdagi mayda chang zarralari hisoblanadi. Yo‘l namlanganda ushbu mayda zarrachalar suv bilan aralashib, yerga cho‘kadi va atmosferaga qayta ko‘tarilib ketishining oldi olinadi.
 
Shuningdek, avtomobillar harakatlanayotganda yo‘l yuzasidagi quruq chang doim ko‘tarib turadi. Namlangan yo‘l esa “ikkilamchi changlanish”ni sezilarli kamaytiradi. Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich shahar PM chiqindilarining 25-40 foizini tashkil qilishi mumkin.

Shu bilan birga, yo‘llarga suv sepish va yashil zonalarning sug‘orilishi haroratni pasaytiradi. Yuqori haroratda chang havoda uzoqroq vaqt saqlanib qoladi, ifloslantiruvchi moddalar kimyoviy reaksiyalari tezlashadi. Namlash esa bu jarayonni sekinlashtiradi va zarrachalarning tezroq cho‘kishini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, ifloslanishning yuqori davrlarida daraxt va butalarni sug‘orish faqat parvarish emas, balki shahar tabiiy filtrlarini qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. O‘simliklar changni barglari orqali ushlab, havodagi PM miqdorini kamaytiradi.

“Yo‘llarga suv sepish muammoni butunlay hal qilmaydi, ammo bir necha soat ichida chang miqdorini sezilarli darajada kamaytiradigan tezkor chora hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Shu sababli, hokimiyat tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar bilan bir qatorda issiqxona xo‘jaliklarida reydlar o‘tkazish, qozonxonalarga filtrlar o‘rnatish, ekologik nazoratni kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Yo‘llarga suv sepish ham shaharda havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet ham Toshkent havosi ifloslanganligi to‘g‘risida ogohlantirish bilan chiqqan edi. Mutaxassislar ifloslanishning ortishini keskin harorat o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelgan inversiya bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Bunday sharoitda zararli zarralar yerga yaqin havo qatlamida to‘planib qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent havo ifloslanishi PM2.5

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing