Toshkent viloyatidagi bojxonada gumonlanuvchi qiynoqqa solindi
3-sahifa
−
10 Oktabr 2023
8358Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi E.E. bojxona xizmati xodimlari tomonidan so‘roq qilinib, unga nisbatan elektroshoker qo‘llanilgan va kaltaklangan. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi giyohvandlik moddasi bo‘yicha so‘roq qilingan. Ombudsman mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan.
Gumonlanuvchi E.E. qayerda ushlab turilgani haqida ma’lumot bo‘lmagach, ombudsman xodimlari tomonidan tezkorlik bilan uning shaxsiga va u ushlab turilgan joyga aniqlik kiritilgan. Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi E.E. Toshkent viloyatidagi 1-son Tergov hibsxonasida ushlab turilgan.
“Ushbu xabar yuzasidan Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili hibsxonaga borib, gumonlanuvchi E.E. bilan xoli tarzda suhbatlashdi. Gumonlanuvchidan yuqoridagi holat yuzasidan batafsil tushuntirish olindi va shikoyat qabul qilindi”, deyiladi Ombudsmanning ma’lumotida.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Ombudsman talabnomasi kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida 33 yoshli fuqaro vafot etgan va mazkur holat Ombudsman tomonidan nazoratga olingan edi.