Toshkent viloyatida o‘z qizini zo‘rlagan ota qamaldi (video)
3-sahifa
−
28 iyul 2025 26736 2 daqiqa
Toshkent viloyati tumanlaridan birida erkak o‘z qiziga zo‘ravonlik qilgani aniqlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, oilanning ijtimoiy maqomini belgilash va ehtiyojmandlar ro‘yxatiga kiritish maqsadida agentlikning ijtimoiy xodimi xizmat ko‘rsatish doirasida oila a’zolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga yuborgan. Aynan shu ko‘rik qizaloq avval gapira olmagan voqealarni ochiqlashga turtki bo‘lgan. Bu esa rasmiy tergov jarayonini boshlashga asos bo‘lgan.
Qizaloqning xavfsizligini ta’minlash maqsadida u vaqtincha oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan. Kompleks baholash natijasida esa onasi qaromog‘iga topshirilgan.
“Hozirda u doimiy himoya ostida bo‘lib, tiklanish jarayonidan o‘tmoqda. Unga tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi jabrlangan bolaga har tomondan ko‘mak ko‘rsatdi va tegishli xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirdi. Natijada, qiz himoya qilindi, aybdor esa qonunan jazoga tortildi”, deyiladi xabarda.
24 iyul kuni sud qaroriga ko‘ra, erkak o‘z farzandiga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud tomonidan unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 3-qismi, “a”, “b”, “e” bandlari asosida 12 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent viloyatining Angren shahrida voyaga yetmagan 15 yoshli qiz 4 nafar yigit tomonidan zo‘rlangani haqida xabarlar jamoatchilikda keng muhokamaga sabab bo‘lgandi. Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 9 aprel kuni Angren shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham 24 iyul kuni Angrenga borib, jabrlangan qiz bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi. Hozirda jabrlanuvchi qiz Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga ko‘chirildi.
Live
Barchasi