Toshkent viloyatida ayiq ikki qo‘yni “qo‘ltiqlab” ketdi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati Parkent tumanida ayiq aholi yashaydigan hududga ozuqa izlab keldi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 21 sentyabr kuni soat 09:30 larda viloyat Ekologiya boshqarmasi Parkent tumani bo‘limiga tumanning tog‘li hududlaridan biri bo‘lgan “So‘qoq” qishlog‘idagi fermer xo‘jaligi yer maydoniga 20 sentyabr kuni tunda Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i kelib qolgani haqida murojaat kelib tushgan. 

Unga ko‘ra, 2023 yilda qish fasli sovuqroq kelgani bois tog‘li hududlardagi ayrim mevali daraxt va butalarni sovuq urib, hosil juda kamayib ketgan. Oqibatda ayiq ozuqa izlab, aholi yashaydigan hududga tushib kelgan va fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 14 bosh qo‘ydan 2 tasini olib ketgan. Bir bosh qo‘y esa yaralangan.

Mazkur murojaatga asosan Ekologiya boshqarmasi tuman bo‘limi xodimlari va “Wildlife” zopitomnigi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga borib, holatni o‘rgangan. O‘rganish natijasida xo‘jalik yer maydonida qo‘ylarga mo‘ljallangan qo‘ra yog‘ochlari singani aniqlangan. 

Shundan so‘ng ushbu hududdagi dala shiyponlarida yashovchi 4 ta oila 30 dan ortiq qora mol, qo‘y va echkilari bilan birga o‘zlarining yashash xonadonlariga ko‘chirib yuborilgan. 

O‘sha kundan boshlab ayiq tushib kelgan hudud Ekologiya bo‘limi, “Wildlife” MCHJ xodimlari hamda Parkent tumani IIB nozirlari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. 

“Hozircha hech qanday ayiq yoki boshqa yovvoyi hayvonlar kuzatilmadi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent viloyati ayiq Parkent qo'ylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing