Toshkent viloyatida 2 nafar IIO xodimi katta miqdorda pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
18 may 10567 2 daqiqa
Toshkent viloyatida Ichki ishlar xodimlari jinoyat sodir qilib, qamalgan fuqarolarning jazosini yengillashtirib berish evaziga katta miqdordagi pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro DXX Call-markaziga murojaat qilib, viloyat ichki ishlar xodimi korrupsion jinoyatlarni sodir etib kelayotgani haqida ma’lumotlar taqdim etgan.
Murojaatga ko‘ra, boshqarma xodimi Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergovda bo‘lgan sobiq ichki ishlar xodimiga sud idoralaridagi tanishlari orqali yengilroq jazo tayinlanishida yordam berish evaziga uning yaqin qarindoshlaridan 20 ming AQSH dollari talab qilgan. Joriy yilning 16 may kuni DXX va IIV tezkor boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida, IIB xodimi 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro A.B.dan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Shu bilan birga, kecha, 17 may kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida ichki ishlar xodimi Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan ayblanib, 8 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumga jazo muddatini Toshkent shahar sudi mansabdor shaxslari orqali taftish instansiyasida kamaytirib berishni va’da qilgan va mahkumning tanishi N.N.dan 24 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan.
Tadbir jarayonida uning yonidan advokatlik va hakamlik sudi sudyasi guvohnomalari hamda IIVning lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘i nusxasi topilgan.
Bildirilishicha, ushbu xodim 2014 yilga qadar ichki ishlar idoralarida ishlab, 2022 yildan boshlab advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Joriy yilning aprel oyida unga yana bir bor imkoniyat berilib, ichki ishlar idoralariga qaytadan tiklangan. Afsuski, ishga tiklanganligiga 2 oy bo‘lmagan bu xodim korrupsion harakatlarni takroran sodir etgan.
Har ikki holat yuzasidan taqdim etilgan materiallar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida olib borilgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor profilaktik tadbirida jinoyat ishini tugatish uchun tergovchiga pora bergan shaxs ushlangan edi.
Live
Barchasi