Toshkent “sariq“dan “qizil“ga o‘tadimi? Shahar hokimligi rasmiysi izoh berdi

Jamiyat

image

Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri “sariq“ toifadagi hududdan “qizil“ toifadagi hududga o‘tishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu munosabat bilan QALAMPIR.UZ muxbiri Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev bilan bog‘landi.

Qandaydir o‘zgarish bo‘ladigan bo‘lsa bu haqda rasmiy ravishda oldindan axborot beriladi. Vahimaga o‘rin yo‘q. Toshkent shahri shunday tuzilganki, agar shaharning bir tumani “qizil“ toifada bo‘lib, ikkichisi “yashil“ yoki “sariq“ bo‘ladigan taqdirda odamlarda harakatlanish borasida, ishga borib-kelish borasida yuzlab savollar paydo bo‘lmoqda. Agar bu (“qizil“ toifadagi karantin cheklovlari) hayotga tatbiq etiladigan bo‘lsa qiynalib qolinadi. Karantin sharoitida yashashni o‘rganishimiz, iqtisodiyotni rivojlantirishimiz kerak. Eng yaxshisi karantin qoidalariga qat’iy amal qilish.

Ochiq gapirish kerak, ijtimoiy tarmoqlarda bejiz gapirilayotgani yo‘q. Sababi, yengillik berilgandan so‘ng qoidalarga amal qilish ba’zi fuqarolarimiz tomonidan tashlab qo‘yildi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. O‘zimiz ham ko‘ryapmiz, masalan, ko‘chalarda yurganda iltimos qilamiz “Niqoblaringizni kiying, ijtimoiy masofani saqlang va hokazo“ deb.

Yana bir bor aytaman, agar bu borada (karantin cheklovlari kuchaytirilishi bilan bog‘liq) yangilik bo‘ladigan bo‘lsa rasmiy tarzda ma’lum qilinadi. Lekin bugungi kunda bunday rasmiy xabar bo‘lmaydi.

Bir narsani aytish joiz, cheklovlar yumshatildi degani karantin tugadi degani emas. Eshitdik, ko‘chada bolalar niqobsiz ketishayotgan ekan, “Nega niqobsiz yuribsizlar“, desa “Karantin tugadiku“, deyishipti. Karantin tugagani yo‘q. Karantin shart-sharoiti yumshatildiki, odamlarga yengillik bo‘lsin deb. Ammo, sanitar normalari tashlab qo‘yilmaydi, Aksincha, sanitar normalariga qat’iy rioya etilishi talab etiladi.

Hamshaharlardan karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishni iltimos qilamiz. Ana shunda har xil vahima gaplar bo‘lmaydi“, deydi Furqat Mahmudxo‘jayev

Demak, ijtimoiy tarmoqdagi “Toshkent 1 iyundan yopiladi yana kirish chiqish to‘xtatiladi, mashinalar qatnovi cheklanadi“ degan gaplar yolg‘on?

“Bunday gaplarga asos yo‘q. Lekin, baribir hech nima bo‘lmas ekan, deb bemalol bo‘lib qolinsa, sanitar normalariga beparvo qaraladigan bo‘lsa kasallik ko‘payishi mumkin. Bunda ehtiyot choralarini ko‘rish masalani ko‘tarishga majbur bo‘linadi. Ammo, bugun, 27 mayga kelib shahar“qizil“ toifaga kirishi to‘g‘risida hech qanday rasmiy xabar yo‘q“, deydi Furqat Mahmudxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining tuman va shaharlari epidemiologik holat sabab qayta toifalangan edi. Xususan, Qibray va boshqa tumanlarga kirib-chiqish cheklandi.

 

Maqola muallifi

Teglar

karantin Toshkent shahri

Baholaganlar

606

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing