Toshkent-Samarqand o‘rtasidagi yangi magistralda 91 ta ko‘prik quriladi
Jamiyat
−
26 may 2953 1 daqiqa
Toshkent-Samarqand o‘rtasidagi yangi magistralda 60 ta tunnelli o‘tish joyi va 91 ta ko‘prik quriladi. Bu haqda bugun, 26 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, transport infratuzilmasi iqtisodiyot tarmoqlarini o‘zaro bog‘lash, hududlar salohiyatini to‘liq ishga solish, aholi va biznes uchun qulaylik yaratishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, mamlakatda avtomobil yo‘llari, aviatsiya, logistika va xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Taqdimotda, avvalo, “Toshkent – Samarqand” muqobil avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ko‘rib chiqilgan. Ushbu yo‘lning uzunligi 282 kilometr bo‘lib, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarini bog‘laydi. Yo‘l I-a toifada, sement-beton qoplamali, har ikki yo‘nalishda uchtadan harakat tasmasi bilan quriladi. Loyihaviy tezlik soatiga 150 kilometrni tashkil etadi.
Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 60 ta tunnelli o‘tish joyi, 91 ta ko‘prik, 16 ta yo‘l o‘tkazgich, 258 ta drenaj inshooti va intellektual transport tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 12 ta terminal, yo‘l bo‘yi infratuzilmasi va vazn o‘lchash tizimi tashkil qilinadi.
Salohiyatli investorlar bilan muzokaralar jarayonini jadallashtirish va qurilish ishlarini qisqa muddatlarda boshlash topshirilgan.
Live
Barchasi