Toshkent propiskasini qiyinlashtirishga oid qaror muhokamadan olib tashlandi. Sabab?
Jamiyat
−
03 aprel 2019
7684Avvalroq, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkmasining “Davlat boji stavkalarining 4-bandiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirilgani haqida xabar bergan edik.
Loyihada Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk sotib olinganda undiriladigan davlat boji bilan bog‘liq masalalar nazarda tutilgan edi.
Mazkur qaror loyiha ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ko‘plar O‘zbekistonda poytaxt propiskasini olish yanada qiyinlashtirilayotgani, Toshkentda viloyatliklarga antipatiya xavfi yuqorilab borayotganini yozmoqda.
Oradan ko‘p o‘tmay, qaror loyiha Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalidan olib tashlandi. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi rasman quyidagicha izoh berdi:
“Davlat boji stavkalarini kompleks ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligidan kelib chiqib hamda propiska masalasida qonun hujjatlarini takomillashtirish masalasi qo‘shimcha o‘rganilayotganligi sababli loyiha jamoatchilik muhokamasidan olib tashlandi”.
Qaror loyihasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tish imkonini beruvchi shartlarni qat’iylashtirish taklif etilgan.
Unga ko‘ra:
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan ko‘chmas mol-mulk sotib olinganda – shartnoma summasining 5 foizi, ammo eng kam oylik ish haqining kamida 10 baravari miqdorida;
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan va O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan qiymati eng kam oylik ish haqining 3300 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulk sotib olinganda – shartnoma summasining 10 foizi miqdorida to‘lov undirilishi ko‘zda tutilayotgan edi.
LiveBarchasi