Toshkent hokimi o‘rinbosari ishdan olindi
Jamiyat
−
03 iyun
13958Toshkent shahri hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Davrukov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Bugun, 3 iyun kuni Prezident raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi va sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot bo‘lib o‘tmoqda.
Ma’lum qilinishicha, oxirgi yillarda poytaxtda Tashkent City, Tashkent Mall, Magic City kabi turizm maskanlari barpo etildi. Bu majmualarga yiliga 4 milliondan ziyod odam tashrif buyuryapti, ularning 35 foizidan ko‘pi xorijiy turistlar hisoblanadi.
Shunday bo‘lsa-da, yig‘ilish davomida poytaxt hokimligi o‘z tashabbusi bilan yangi takliflar bilan chiqmayotgani tanqid qilindi.
Shu bois Toshkent shahri hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Davrukov lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Bosh vazirga turizm bo‘yicha har bir hokim o‘rinbosari ishiga baho berish topshirildi.
“Yoshlarning ekstremal turizmga qiziqishi yildan yilga oshayapti. Buning uchun Parkent, Bo‘stonliq, Parkent va Aydarko‘lda imkoniyatlar yetarli. Mo‘ynoqda ham parashyut bilan sakrash va havo dayvingi ekstremal turizmini rivojlantirish mumkin. Buning uchun alohida havo hududi bo‘lishi kerak”, deyiladi xabarda.
Shu yuzasidan, mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilishga topshiriq berildi.
LiveBarchasi