“Tonirovka” masalasida Hukumat qarori qabul qilinishi kutilyapti

Jamiyat

image

Bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil oynalari tusini o‘zgartirish bo‘yicha yangicha tartib o‘rnatilishi va bu borada tegishli hujjat loyihasi tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur xabarlarga aniqlik kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot kotibi bilan bog‘landik.

U “tonirovka” masalasida o‘zgarish bo‘lishini, yangi qaror loyihasi ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Biroq loyihaning tafsilotlari haqida yetarli ma’lumotlarga ega emasligini bildirdi.

Bugun, 31 iyul kuni esa “tonirovka” uchun ruxsatnoma olish badallari aks etgan plakatlar surati tarqaldi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, “tonirovka” uchun ruxsatnoma olish uchun to‘lovlar quyidagicha bo‘ladi:

Orqa oyna (lobovoy) uchun: bepul

Orqa yon oyna (orqa eshik) uchun:

•    jismoniy shaxslarga - EKIH 10 barobar (2 mln 230 ming so‘m);
•    yuridik shaxslarga - 20 barobar (4 mln 460 ming so‘m);
•    xorijiy tashkilotlarga - 40 barobar (8 mln 920 ming so‘m).

Old va orqa yon oynalar uchun (barcha yon oynalar):

•    jismoniy shaxslarga - 90 barobar (20 mln 070 ming so‘m);
•    yuridik shaxslarga - 110 barobar (24 mln 530 ming so‘m);
•    xorijiy tashkilotlarga - 130 barobar (28 mln 990 ming so‘m).

Eslatib o‘tamiz, blogerlar, deputatlar “tonirovka” masalasida o‘rnatilgan tartibni tanqid qilib chiqdi. Deputatlar bu masalada bir necha marta o‘z takliflarini bildirib chiqdi. Shundan so‘ng avtomobillar oynasining tusini o‘zgartirish bo‘yicha tartib qayta ko‘rib chiqilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari, Triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarov ham “tonirovka” masalasi xavfsizlikka aloqador bo‘lgani uchun o‘z fikrini bildirib o‘tgandi.

“Menga Instagram`dagi sahifam orqali bahsli mavzu — “tonirovka” borasida juda ko‘p murojaat kelib tushmoqda. Shu sababli va bu aktual mavzuning qisman xavfsizlik masalasi bilan bog‘liqligi uchun o‘z fikrimni bildirishga qaror qildim. Fikrimcha, “tonirovka” mavzusi O‘zbekiston sharoitida dolzarb va o‘rinli ko‘tarilgan. Chunki yurtimizda iqlim sharoiti yoz oylari, ayniqsa, chilla payti juda og‘ir bo‘ladi.

Masalaning muhim ekanligini hamda Internet tarmoqlari orqali jamoatchilik, blogerlar va deputatlar murojaatlarini inobatga olib, biz mutasaddi davlat idoralariga bu masalani amaliyotga joriy qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdik. Hozirda “tonirovka” mavzusi boshqa davlatlar tajribasidan kelib chiqib, har tomonlama ko‘rib chiqilmoqda.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, shuni alohida aytmoqchimanki, bizda ushbu yo‘nalishda hamma zarur choralar ishlab chiqilgan va ijrosi ta’minlangan. Avtoulov “tonirovka”si xavfsizlik masalalarini hal qilishda va ta’minlashda bizga to‘siq bo‘lolmaydi”, degandi Otabek Umarov.

Yaqin kunlarda “tonirovka” masalasida ishlab chiqilgan yangi qaror rasman e’lon qilinadi deb, umib qilamiz.


Maqola muallifi

Teglar

tonirovka

Baholaganlar

42

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing